Главная » 2009 » Iyun » 7 » DARDI KO‘P KELIN
15:14:11
DARDI KO‘P KELIN
Umr oqar suv. Shunday ekan, har daqiqani g‘animat bilaylik. Atrofimizdagi kishilarga mehribonlik ko‘rsatish, bag‘rikenglik qilish kelajak avlodning ham bizga hurmat ko‘rsatishiga sabab bo‘ladi. Aks holda... Buning oqibatlari bizga maktub yo‘llagan singlimizga berilgan maslahatlarimizda ayon etilgan. 

...Turmush o‘rtog‘im bilan bir-birimizga ko‘ngil qo‘yib turmush qurgandik. Birinchi farzandimiz to‘rt yil deganda dunyoga keldi. Intizorlik bilan kutilgani uchunmi, oilamizdagilar uni yeru ko‘kka ishonmas, ayniqsa, qaynotam ko‘chaga bir chiqib kelsa ham, qizalog‘imizni sog‘inib qolardi. Hatto endigina beshikka belab, uxlatgan onlarimda ham nabirasini erkalatib, uyg‘otib olardi. “Kichkinagina go‘dak bo‘lsa, uyqudan qolib, kechasi bilan onasini qiynab qo‘yadi-ku”, degan fikr hech kimning xayoliga kelmasdi. Hatto o‘zim ham bolamni aziz qilishayotganidan juda xursand edim. Shu bois bo‘lsa kerak, kechasi bilan beshik tebratib chiqsam ham, aslo nolimasdim. 

Qizimiz Shahloxon mana shunday mehribonchilik bilan o‘sib, ulg‘aya boshladi. U besh yoshga to‘lganida ikkinchi farzandimiz dunyoga keldi. Qaynotam yaxshi niyatlar bilan unga Murodjon deya ism qo‘ydi. Hayotim doim mana shunday faraxbaxsh kunlardan iborat bo‘ladi, deya chuchvarani xom sanagan ekanman. 

To‘satdan boshlangan kasallik tufayli olamdan o‘tgan qaynotam oilamizning quvonchi va tayanchi bo‘lgan ekan. Ularning o‘limidan keyin hech qancha o‘tmay, qaynonam salga kelinlardan nolib, o‘g‘illariga yig‘lab beradigan odat chiqardi. Shu sabab, onasining zor qaqshab yig‘lashiga chiday olmagan o‘g‘illarning biri bo‘lmasa biri xotinini o‘lasi qilib kaltaklardi. Gapiraversa beti, uraversa eti qotadi, degan gap to‘g‘ri ekan. Ilgari qaynotamning borida biror marta bo‘lsin, tik qarab gap qaytarmagan biz kelinlar asta-sekin turmush o‘rtog‘imiz qolib, qaynonamiz bilan ham gap talashadigan bo‘ldik. 

Aslida, bunga qaynonamning o‘zi sababchi. Chunki keyingi paytlarda qaynonam indamay chiqib ketadigan odat chiqardi. Ayni shunday paytda uyga kirib kelgan o‘g‘illaridan biri onasining qayoqqa ketganini surishtiradi. “Bilmadim”, degan javobni olgandan so‘ng: “Bir uyda turib qayoqqa ketganini bilmaysanmi?” deya qizishib ketadi. Ovsinlarim-ku alohida uy solib, qutuldi. Men esa shu uyda qolib, baloga qolganman. Bunday hol ko‘p takrorlanaverganidan “bor-e!” deb men ham kelganda keldingizmi, demay qo‘ydim. Chunki yaqinda qo‘shni kampirga: “He, qurib ketsin, kelin qiz bo‘larmidi? Shuning uchun qayoqqa ketsam ham, indamay chiqib ketadigan bo‘ldim...” deyayotganlarini eshitib, tovonimgacha muzlab ketdim. Shuncha yildan beri qilgan xizmatlarim evaziga shumi menga ko‘rsatilayotgan izzat, deya yum-yum yig‘ladim. Nahotki andishaning oti qo‘rqoq bo‘lsa? Keksaygan, boz ustiga, yolg‘iz deya ko‘ngliga qaraganim sayin qaynonam meni yer bilan bitta qilyapti. Qishloqdan ancha uzoqqa tushgan bo‘lsa-da, onasining holidan tez-tez xabar olib turuvchi qaynsingillarim kelsa, ichkari uyga boshlab kirib, uzzukun u yerdan chiqishmaydi. Bir gal ularni ovqatga taklif qilish uchun kirib, “poyloqchi” degan nomni orttirib oldim. Gohida hamma o‘z bilganicha ish qiladigan bo‘lsa, mana, deya nimalardir qilgim keladi-yu, lekin turmush o‘rtog‘imning ko‘ngli uchun o‘zimni bosaman. Ammo kun sayin qaynonamning qiliqlari ortib, o‘g‘lini menga qayrashdan bo‘shamayapti. Hatto alohida uy solib chiqib ketgan ovsinlarimni ham tinch qo‘ymaydi. O‘zicha ularning har bir qilgan ishidan kamchilik topadi, hurmat talab qiladimi-ey. Har qalay, kun ora bo‘lmasa-da, o‘n-o‘n besh kunda bir chaqib olishga erishadi. Ular-ku goh haftada, goh oyda bir achchiq gap eshitishadi. Men-chi? Deyarli har kuni bir mashmashani boshdan kechiraman. Hech bo‘lmaganda, qarindosh-urug‘larimning kamchiliklari yuzimga solinadi. To‘g‘risi, erta tongdan yarim tungacha hozir nima derkin, deya qaynonamning kesatiq gapini boshlab qolishidan xavotirda yuraverib, asablarim qaqshab, ado bo‘lyapti. Axir qaynotam borida qaynonamning fe’l-atvori juda yaxshi edi-ku! U kishiga nima bo‘lyapti? Hech tushunolmayman. Maslahat bering. Nima qilsam, qaynonam avvalgi holiga qaytadi? 

Hurmat va ehtirom bilan farg‘onalik

OZODAXON


Категория: ТУРМУШ ЧОРРАХАЛАРИ | Просмотров: 3472 | Добавил: Ангелочка | Рейтинг: 1.7/3
Всего комментариев: 1
0  
1 холов   (2013-12-06 15:28:33) [Материал]
YAxshi joydan surashsa o'ylab utirish kerakmas...turmushga chiqishi kerak.. biggrin

Имя *:
Email *:
Код *:
WwW.Shaxrisabz.ucoz.ru Portali Barcha xuquqlar rezervlab qo'yilgan |