Главная » 2009 Avgust 3 » MANFAATLARNI QANDAY HIMOYA QILASIZ?
09:34:02 MANFAATLARNI QANDAY HIMOYA QILASIZ? | |
Siz-chi? Siz uchun kimning manfaatlari ustunroq? Quyidagi savollarga javob berib, shularni aniqlab oling. 1. Muhim uchrashuvga otlanayapsiz-u, to‘satdan yaqin dugonangiz kirib, bir tanishi bilan tezda ko‘rishmasa bo‘lmasligini, ma’lum muddatga bolalariga qarab turishingizni aytib qoldi. Siz: a) og‘ir xo‘rsinib, rozi bo‘lasiz; b) keskin rad javobi berasiz; v) chiqib ketayotganingizni aytib, yaxshisi, ertaga kelishini tayinlaysiz. 2. Ilm kishisi bo‘lmish tanishingiz qaysidir majlisda chiqish qilishi uchun nutq matnini yozib berishingizni iltimos qilsa: a) hazil aralash, evaziga dam olish kunlari “Mersedes”ini berib turishini aytasiz; b) xursand bo‘lib, rozilik bildirasiz; v) unga eshittirmay g‘udranib qo‘yasiz. 3. Sizga yoqqan erkak bugun restoranga taklif qila olmasligini, puli kamroq ekanini aytsa: a) qachon boyisa o‘shanda uchrashishingizni aytib, jo‘nab qolasiz; b) O‘zingiz uni restoranga taklif qilib, xarajatlarni to‘laysiz; v) uni no‘noqlikda ayblaysiz. 4. Boshlig‘ingiz ishdan keyin qolib, qo‘shimcha ish olishingizni so‘rasa: a) hamkasb dugonangizdan boshqa xonadan turib, boshliqqa: “Xolasi kasal ekan, kasalxonaga ketdi”, deb qo‘yishini so‘raysiz; b) indamay rozi bo‘lasiz; v) boshliqni mehnat qonunlarini buzayotganlikda ayblaysiz. 5. Bolalikda siz quyidagi qahramonga o‘xshashni istardingiz: a) Zolushka; b) Qizil Shapkacha; v) Qor malikasi. 6. Dugonalaringizdan biri kutilmaganda sizdan o‘zini olib qocha boshlasa: a) qattiq qayg‘uga botasiz va nima qilib bo‘lmasin, qaytadan uning e’tiborini tortishga intilasiz; b) unga ichingizdagi bor gaplarni aytib-aytib olasiz; v) siz ham undan voz kechasiz va o‘sha dugonasiz ham hayotda bemalol yashash mumkin, deya hisoblaysiz. 7. Eringiz sizni o‘zingizga umuman yoqmaydigan ziyofatga olib bormoqchi: a) bugun yolg‘iz qolmoqchi ekaningizni aytib, taklifini rad etasiz; b) rozi bo‘lasiz va u bilan birga borasiz; v) do‘st tanlashda umuman didi yo‘qligini yuziga solasiz. U ham bormasligini, siz bilan birga bo‘lishini talab qilasiz. 8. Dugonalaringiz sizni sayohatga taklif etishsa: a) ular bilan bajonidil birga bo‘lasiz; b) hozir borgingiz kelmayotganini, sayohatni orqaga surib turishlarini so‘raysiz; v) takliflarni zarda aralash rad etasiz. 9. Eringiz siz yoqtirgan ovqatni xush ko‘rmasa: a) shu ovqatdan bir umrga voz kechasiz; b) aynan shu ovqatni tez-tez tayyorlaysiz. Eringiz ko‘nikib ketmaguncha to‘xtamaysiz; v) bu ovqatni faqat o‘zingiz uchun tayyorlaydigan bo‘lasiz. 10. Uydagilar yoki dugonalaringiz bilan orangizda janjallar kelib chiqsa: a) albatta, o‘zingizni ayblaysiz; b) ularni ayblaysiz; v) hech kimni ayblamaysiz. 11. Do‘konda to‘satdan sotuvchi sizni haqorat qildi: a) indamaysiz, chidaysiz; b) uning ishi ham oson emasligini aytib, uni tinchlantirasiz; v) xuddi shunday haqorat bilan javob qaytarasiz. 12. Ishga joylashayotib: a) maosh qanchaligini ochiqchasiga surishtira olmasdingiz; b) boshliq bilan savdolashardingiz; v) qulay sharoit yaratib berishlarini oshkora talab qilardingiz. NATIJALAR: Agar siz 1a, 2b, 3b, 4b, 5a, 6a, 7b, 8a, 9a, 10a, 11a, 12a javoblarni tanlagan bo‘lsangiz, har biriga 2 balldan, 1v, 2a, 3a, 4a, 5b, 6v, 7a, 8b, 9v, 10v, 11b, 12v javoblarning har biri uchun 1 balldan hisobingizga yozib qo‘ying. 16 va undan ortiq ball. Sizning atrofdagilar bilan munosabatlardagi shioringiz: “Men o‘z manfaatlarimdan voz kechib, sizlarning manfaatlaringizni himoya etaman”. Sizdan boshqalar o‘z maqsadlari yo‘lida osongina foydalana bilishadi. 9-15 ball. Siz, avvalo, o‘z manfaatingiz, undan so‘ng boshqalar manfaatini himoya etasiz. O‘zingizdan qaysidir maqsad yo‘lida foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaysiz. 9 va undan kam ball. Sizni o‘zingizdan boshqa hech kim qiziqtirmaydi. Siz bilan til topishish juda mushkul. | |
|
Всего комментариев: 0 | |