Главная » 2009 » Avgust » 3 » “FALOKAT OYOQ OSTIDA...”
13:34:34
“FALOKAT OYOQ OSTIDA...”
«Bojalar» guruhi bilan yuz bergan noxush voqea muxlislarni qattiq qayg‘uga solib qo‘ydi. Guruh atrofidagi mish-mishlar esa kun sayin ortib bormoqda. Bu mish-mishlar qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlash uchun guruh a’zolarini davolayotgan shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, reanimatolog Iskandar Dolimov bilan suhbatlashdik. 

— Nega bemor va uning qarindoshlari jurnalistlardan yashirinishga harakat qilishdi? Bu ular atrofida sirlilikning paydo bo‘lishiga va turli bema’ni mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo‘ldi. Agar ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervyu berib, voqeaga oydinlik kiritishsa, bu kabi mish-mishlar ko‘paymasdi... 

— Bilasizmi, hozir Jahongirning o‘zi ham, yaqinlari ham intervyu beradigan ahvolda emas. Hammasi chuqur ruhiy tushkunlik holatida. Mish-mishlarning tarqalishi esa tabiiy hol. Guruh a’zosi Mo‘min Oripovning vafot etishi, Jahongir Poziljonovning og‘ir jarohat olganligidan xonandaning barcha yaqinlari tashvishda. Xudo xohlasa, jarohatlari tuzalib, o‘ziga kelgandan keyin falokat qanday yuz bergani haqida Jahongirning o‘zi intervyu beradi. 

— Voqea tafsilotlaridan xabaringiz bormi? 

— To‘liq bilmayman. Eshitishimga qaraganda, Jahongir bilan Mo‘min mashinani navbat bilan boshqarib kelishayotgan ekan. Halokat sodir bo‘lganida, Mo‘min rulda bo‘lgan. Fojia qanday yuz bergani esa noma’lum. Menimcha, bu baxtsiz tasodif bo‘lsa kerak. Aytishadi-ku, Xudo yaxshi ko‘rgan bandalariga sinov yuboradi, deb. 

— Guruh a’zolarining sog‘-lig‘i qanday? Vakolatingiz doirasida ularning ahvoli haqida to‘xtalib o‘tsangiz. 

— Halokat sodir bo‘lgan paytda Jahongir va boshqa guruh a’zolari chuqur retrogradnaya amneziya holatiga tushishgan. Ya’ni miya chayqalishining og‘ir formasi yuzaga kelgan. Bunday jarohat olgan bemorlar bo‘lgan voqealarni eslay olishmaydi. Xususan, Jahongir va boshqa a’zolar ham fojia yuz bergungacha bo‘lgan voqealarni eslaydi, xolos. Undan keyingi voqealarni esa xotirlay olishmaydi. Bu xotirasini butunlay yo‘qotdi, degani emas. Vaqt o‘tishi bilan xotira asta-sekin tiklanadi. Retrogradnaya amniziya holati shu darajada kuchli bo‘lganki, hatto ular bilan birga kelayotgan Shahzodbekni «o‘ldi» deb o‘ylab, Mo‘min bilan birga o‘likxonaga olib borishgan. Biroz muddat o‘tib, uning qimirlayotganini ko‘rishgandan ke-yin zudlik bilan kasalxonaga jo‘natishgan. Bemorlarni Toshkentga olib kelishgandan ke-yin bir haf-tadan oshiqroq bizning kasalxonamizda davolanishgan bo‘lsa, kundan-kunga ahvollari yaxshilanib boryapti. Olgan jarohatlari ham asta-sekin bityapti. 

— Bemorlarning xotirasi taxminan qancha muddatda tiklanadi? 

— Xotiraning tiklanishi har kimda har xil. Ba’zilarda tez, ba’zilarda esa asta-sekinlik bilan tiklanadi. Bu esa, albatta, biz shifokorlarga, uning yaqinlariga va o‘zining individual holatiga bog‘liq. Ularga hozir ruhiy ko‘mak berish xotiraning tiklanishi uchun eng samarali usullardan biri. 

— Ular o‘z ijodini davom ettirishida olgan jarohatlari to‘sqinlik qilmaydimi? 

— Hozircha bir narsa deyolmayman. Lekin Jahongirning yosh ekanligi, jarohatlarning tez bitayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, ijodga qaytishiga umid qilyapmiz. Bu, albatta, qanchalik to‘g‘ri muolaja qilish va ruhiy yordam berishga bog‘liq. 

— Demak, Jahongir Poziljonov yurib ketadi, shundaymi? 

— Xudo xohlasa, yurib ketadi. Termizda o‘tkazilgan operatsiya juda muvaffaqiyatli chiqqan. Yaralari ham tez bityapti. 

— Kasalxonadan chiqishdimi? 

— Yaqinda uyiga javob berdik. Muxlislari xavotir olishmasa ham bo‘ladi. Ularning ahvolidan doimo xabardor bo‘lib turamiz. Taxminan bir yarim-ikki oydan keyin Jahongirning oyog‘iga qo‘yilgan gipsni olamiz.

Категория: ШОУ - БИЗНЕС ОЛАМИ | Просмотров: 2934 | Добавил: Ангелочка | Рейтинг: 1.7/3
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: