Главная » 2009 » Iyun » 25 » YOZDA QANDAY DAM OLASIZ?
13:21:28
YOZDA QANDAY DAM OLASIZ?
Yoz faslida hamma dam olishni, dam olgandayam biror joyga borib, vaqtini ochiq havoda ko‘ngilli o‘tkazishni istaydi. Ko‘pchilik yozgi mehnat ta’tilini suvga yaqin bo‘lgan biror maskanda o‘tkazishni xohlasa-da, bunga har doim ham imkon topa olmaydi. Ammo istak bo‘lsa, usiz ham vaqtni ko‘ngildagidek o‘tkazish mumkin. Agar yashayotgan joyingizga yaqin biror suv havzasi, ya’ni ariq, soy, kanal yoxud ko‘l kabilar bo‘lsa, siz uchun dam olish soatlarini qanday o‘tkazish haqida bir necha maslahatlarimiz bor. 

Erta saharda, ya’ni nonushtaga qadar muzdek suvga cho‘milib chiqsangiz, o‘zingizni ancha tetik sezasiz. Mabodo cho‘milgandan so‘ng bir necha yengil jismoniy mashqlarni bajarsangiz, unda anchadan buyon sizni noqulay ahvolga solib qo‘yayotgan ortiqcha yukingizdan ham xalos bo‘lib, mushaklaringiz mustahkamlanadi. 

Chunki ochiq havoda harakat qilish organizm uchun juda zarur. Harakat qilmasangiz, teringiz va mushaklaringiz qariydi, shalvirab, nimjonlashib qoladi. Natijada, yoshingizga nisbatan ancha ulug‘ ko‘rina boshlaysiz. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun esa ko‘proq harakat qilish, qurbingiz yetgancha sport bilan shug‘ullanishingiz kerak. 

Harakatsiz odamning vazni ortgani kabi, oyoqlar ham og‘ir yukni ko‘tarishga qiynalib, tez charchab qoladi, bundan tashqari turli xastaliklarga chalinib, xunuklashib boradi. Shu tufayli ham uning oldini olish maqsadida qo‘llaniladigan usullardan foydalanish lozim. Bunday holatlarda oyoqlar uchun eng yaxshi gimnastika tizzagacha yoki, hech bo‘lmaganda, to‘piqqacha suvga botib yurishdir. Voleybol, badminton bilan shug‘ullanish ham, yotib olib, soatlab kitob o‘qigandan ko‘ra ancha foydalidir. 

Yozning issiq kunlaridan foydalanib, suvda suzish mashqlarini bajarishga intiling. Chunki suvda suzgan odamning rangi oftob nurida bir tekis qorayadi. Teringiz taranglashib, o‘zingiz yosh ko‘rinasiz. Yozda bahor faslida yuz beradigan darmonsizlanish, rangparlik yo‘qoladi. Yuqoridagi kabi faol harakatlar sabab, moddalar almashinuvi jadallashib, teri yaxshi nafas oladi. Soch o‘sadi va oziqlanadi. 

Yoz faslida eng yoqimli va foydali bo‘lgan muolajalardan biri bu ochiq havzada cho‘milishdir. Bunda teri tozalanish bilan birga mayinlashadi ham. Suzib bo‘lgach, darrov suvdan chiqishga shoshilmay, avval oyoqlarni, keyin qorin va ko‘krakni yaxshilab uqalash kerak. Shunda suzish mashqining foydali jihatlari yanada oshadi. 

Oftobda qorayish esa hammaga ham yaxshi ta’sir ko‘rsatavermaydi. U kimnidir terisini tarang va chiroyli ko‘rsatsa, kimgadir aslo yarashmaydi. Shu bois qorayishda ham ma’lum qoidalarga amal qilish kerak. 

Juda-juda qorayishni istasangiz ham, mabodo teringizda ajinlar paydo bo‘lgan bo‘lsa, yuzingizni oftob nuriga tuta ko‘rmang. Yaxshisi, tent yoki daraxt soyasida o‘tiring. Shunday qilgan taqdiringizda ham, albatta, qorayasiz, shunda ham oftob tig‘ida o‘tirganga nisbatan ancha yaxshi, bir tekisda qorayasiz. Eng muhimi esa, salomatligingiz uchun xavf bo‘lmaydi. 

Ba’zilar dam olishga ketayotib, o‘zi bilan birga bir dunyo pardoz vositalarini oladi. Aslida bu to‘g‘rimi? Yevropaning yetakchi komaniyalarida ishlaydigan kosmetologlarning fikricha, eng yaxshi yo‘l bu pardozsiz dam olish ekan. Ularning maslahatiga amal qilgan holda sizga beradigan yana bir maslahatimiz shuki, kun issig‘ida upa, bo‘yoq va boshqa pardoz vositalarini ishlatmaganingiz ma’qul. Oftob issig‘ida ular yoyiladi, natijada, terini dag‘allashtirib, xunuk qilib qo‘yadi. Sochingizga lak ham sepmang. U kun issig‘ida yomon ta’sir ko‘rsatadigan moddalarni ishlab chiqarib, sochlaringiz sifatini buzadi. Shuningdek, issiq kunlarda soch bo‘yashning hojati yo‘q. Chunki bo‘yalgan soch quyoshda mo‘rt, quruq, jonsiz bo‘lib qoladi. Agar sochingizni bo‘yamaslikning iloji bo‘lmagan taqdirda, piyoz po‘sti, moychechak, xina va basma kabi tabiiy vositalardan foydalanishingiz mumkin. 


Категория: ФОЙДАЛИ МАСЛАХАТЛАР! | Просмотров: 2415 | Добавил: admin007 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: