Главная » 2009 » May » 30 » ABXAZIYA ROSSIYADAN KREDIT SO‘RADI
21:15:02
ABXAZIYA ROSSIYADAN KREDIT SO‘RADI

Abxaziya Rossiyadan 1,5 milliard rublga yaqin kredit so‘radi. Bu haqda respublika prezidenti Sergey Bagapsh Sochida RF bosh vaziri Vladimir Putin bilan uchrashganidan so‘ng xabar qildi.

Bagapshning aytishicha, bu summa Abxaziya bank tizimini yaxshilashga, jumladan, Milliy bankni moliyalashtirishga sarflanadi. Bundan tashqari, mablag‘ning bir qismini Abxaziyada temir yo‘l qurishga ajratishmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Rossiya Moliya vazirligi Abxaziya va Janubiy Osetiyaga 2,36 va 2,8 milliard rubl miqdorida moliyaviy yordam berishini xabar qilgandi. Bu summa byudjetchilarning maoshlari, bolalar nafaqasi, stipendiya, sog‘liqni saqlash tizimiga ajratiladi.

Rossiya qo‘shni davlatlar moliyaviy inqiroz oqibatlaridan qutulishiga yordam berish uchun ko‘p milliardli kreditlar bera boshladi. Jumladan, Belorussiya RFdan 2 milliard dollar kredit olishi kerak. Qirg‘izistonga ham shuncha kredit va’da qilingan.
 
DEN BRAUN YOMON YOZUVCHIMI?
Ron Govardning “Farishtalar va iblislar” filmida suratga tushgan shved aktyori Stellan Skarsgard yozuvchi Den Braunni (“Da Vinchi kodi” asari muallifi, yuqoridagi film uning asari asosida suratga olingan) yoqtirmasligini oshkor qildi.
 
“Menimcha, Den Braun — juda yomon yozuvchi, ammo har bobning oxiriga kelib, syujetni shunday aylantiradiki, ixtiyorsiz ravishda o‘qiyverasan”, dedi aktyor. Uning fikricha, Braunning kitoblarini hech kim yoqtirmaydigan, lekin hamma yeydigan yer yong‘oqqa o‘xshatish mumkin. 
 
“Farishtalar va iblislar” filmida Stellan Skarsgard Shveytsariya gvardiyasi komandiri Vatikan Rixterni o‘ynagan. O‘zining aytishicha, kitobdan anchagina farq qiladigan stsenariyni o‘qigandan so‘nggina suratga tushishga rozilik bergan.
 
AFRIKA QABILALARINI HURMAT QILING
Ispaniya nodavlat tashkiloti mahalliy realiti-shou tashkilotchilarini loyihada qatnashayotgan Afrika qabilalarini hurmat qilmaslikda aybladi.
 
Ispaniya qochoqlarga yordam qilish komissiyasi xodimlarining so‘zlariga qaraganda, “Qabilada yo‘qolganlar” dasturi mualliflari ibtidoiy      dunyoqarashli qo‘pol odamlar sifatida ko‘rsatib, Afrika qabilalari haqidagi axborotni buzishgan.
Gap shundaki, shou doirasida tomoshabinlarga Namibiya va Indoneziya mahalliy qabilalari hududiga tushib qolgan uchta ispan oilasi ko‘rsatiladi. Huquqni himoya qiluvchilarning aytishicha, loyiha tashkilotchilari afrikaliklarga arzimagan pul berishgan. Vaholanki, suratga olish ishlari uchun qabilalardan biri ko‘p asrlik oshyonini tark etib, 700 kilometr nariga ko‘chishga majbur bo‘lgan.  
 
Shou epizodlaridan birida tarjimon San qabilasidagilarning so‘zlarini keltiradi. Unda afrikaliklar ispanlarni go‘yo osmondan tushgan deb aytishadi. Bundan tashqari, qabila a’zolarini sonlariga har xil lattalar bog‘lashga majbur qilishgan. Aslida, ular kundalik hayotda shortik, futbolka va yubka  kiyishadi.
Boshqa bir epizodda afrikaliklardan biri qabilasidagi ayollarga cho‘milish taqiqlanganini aytadi. Mutaxassislarning aytishlaricha, bu qabiladagilar yuvinish taqiqlangani uchun emas, balki o‘sha hududda suv kam bo‘lgani uchun ham ahyon-ahyonda cho‘milishadi.
 
Shou tashkilotchilari mahalliy qabilalarning yorqin jihatlarini ko‘rsatishga uringanlarini uqtirib, tanqidni tan olishmayapti.
Категория: YANGILIKLAR | Просмотров: 1604 | Добавил: Ангелочка | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: