Главная » 2009 » May » 25 » OG‘ABEK SOBIROV: «MEROSGA AYLANUVCHI QO‘SHIQLAR YARATISHNI XOHLAYMAN»
11:14:34
OG‘ABEK SOBIROV: «MEROSGA AYLANUVCHI QO‘SHIQLAR YARATISHNI XOHLAYMAN»
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Og‘abek Sobirovning “Birgina dilbargina” kontsert dasturiga ham oz vaqt qoldi. Muxlislarning talab va istaklarini inobatga olgan holda xonandani suhbatga chorladik. 

— Sizni ancha salobatli xonandalar safiga qo‘shishadi. Bu haqda o‘zingizning fikringiz qanday? 

— Men ham ustoz san’atkorlar darajasidagi san’atkor bo‘lishga harakat qilyapman. Hali o‘rganishim kerak bo‘lgan ijod namunalari va ijro etishim lozim bo‘lgan qo‘shiqlar juda ko‘p. Agarda mahoratli ijodkorlar safiga qo‘shila olsam, bundan faqat xursand bo‘lardim. Negaki, har bir san’atkor uchun xalq yuragidan joy oladigan va merosga aylanib qoladigan ijod namunalarini yaratishning o‘zi bir baxt. 

— O‘zingizga nisbatan anchagina e’tiborli ko‘rinasiz. 

— Anchagina emas, juda. Injiqligim bor. Agar xonada betartiblik bo‘lsa yoki liboslarimdan ko‘nglim to‘lmasa, avzoyim buziladi. Shu sabab, uydan chiqishim biroz vaqtni oladi. Ishda ham xuddi shunday. 

— Nega, boshqalarning fikrini inobatga olmaysizmi? 

— Hammaning fikrini eshitaman. Tahlil qilaman. Agarda mening fikrim noto‘g‘riligini isbotlay olsagina, inobatga olaman. Agar buning aksi bo‘lsa, yuragimga qarshi chiqa olmayman va o‘zimnikini to‘g‘ri deb qabul qilaman. 

— Bu borada xatolar ham bo‘lgandir, axir odamning fikri hamma vaqt ham o‘ylaganidek bo‘lib chiqavermaydi-ku? 

— Bo‘lgan. Hayotda ko‘p marotaba o‘zimga qarshi chiqishimga to‘g‘ri kelgan. 

— Ayting-chi, bir ko‘rishda odamga baho bera olasizmi? 

— Hamisha ham mening tashxislarim to‘g‘ri chiqavermaydi. Biror insonga baho berishdan oldin u bilan besh-olti marta uchrashishim, uni obdan o‘rganishim kerak. Shundan keyin u bilan do‘stlashish yoki shunchaki tanish bo‘lib qolish haqida qaror qabul qilaman. 

— Juda parishonxotir ko‘rinasiz... 

— Kontsert arafasi, xayolda ming xil ishlar rejasi charx urib turibdi. Qilishim kerak bo‘lgan ishlar qila olganlarimdan ko‘proq. Shuning uchun bunga e’tibor qilmay, savollaringizni beravering. 

— Nega hamma qatori ishlamaysiz?  

— Kechasi ishlab, kunduzi dam olishimni nazarda tutyapsiz, shekilli? Chunki to‘y-hashamlar va xizmatlarni tun oqqan paytda yakunlaymiz. Unday keyin yana yo‘l yurishga majbur bo‘lamiz. Shu tufayli ertalabgacha dam olishning iloji yo‘q. Yana bir tomondan, tunda sokinlik bo‘ladi. Ijodkor uchun jimlikning qadri nihoyatda muhim. Bemalol ijod qilish mumkin. 

— Shunday paytda kimdir bezovta qilsa... 

— Bunday bo‘lishini istamasdim. Negaki, xayol faqat ijod bilan band bo‘lsagina ishingiz unumli va sifatli bo‘ladi. 

— Ishingizni oldindan rejalashtirib olmaysizmi? 

— Uydagi gap ko‘chaga to‘g‘ri kelmay qolgan paytlar ham bo‘ladi-da. 

— Bugungi kunda kim bilan ko‘proq maslahatlashasiz? 

— Akam, oilam va do‘stlarim bilan. Men uchun jon kuydiradiganlar ham shu qatorda. Bir narsadan xursand bo‘lishim kerakki, bugun atrofimga meni qadrlovchi va san’atimni hurmat qiluvchi juda ko‘plab muxlislar yig‘ilishgan. Ular hatto meni o‘zimdan ham yaxshi bilishadi va iloji boricha yuksalishimga yordam beruvchi maslahatlar berishadi. Men bundan juda-juda quvonaman. 

— Mabodo ko‘nglingizga yoqmagan inson bilan xoh san’atda, xoh kinoda birga ishlashga majbur bo‘lsangiz... 

— Ishlayveraman. Axir bu san’at. Bizning shaxsiy tomorqamiz emas. Undan tashqari, bu hamkorlik mening san’atimga ta’sir ko‘rsatadigan bo‘lsa, nega bunga rozi bo‘lmasligim kerak? 

— So‘nggi paytlardagi ijodingizga baho bera olasizmi? 

— Aslida, san’atkorning ijodiga tinglovchi baho beradi. O‘zimdan so‘rayotganingizga qaraganda... Ha, mayli, ko‘pchilik ijodimni kuchaytirish kerakligi haqida fikr bildiryapti. Mahzun qo‘shiqlar so‘rashyapti. Men bu fikrlarning barchasini inobatga oldim va kontsertimdan so‘ng barcha-barcha yaxshi takliflarni amalga oshirishga va’da berdim. 

— San’atkor omadi kelsa, muvaffaqiyat qozonadi, degan fikr haqida nima deya olasiz? 

— Dunyoga mashhur Este Lauder shunday degan ekan: “Boshqalarning ko‘ziga mening muvaffaqiyatlarim omad bo‘lib ko‘rinadi. Aslida esa, men omadimga mehnatlarim tufayli erishdim. Insonga bir foiz iste’dod beriladi, u qolganiga 99 foiz mehnat orqali erishadi”. Bunday ta’rifdan oshirib hech narsa deya olmayman. 

— Fotojamlanmalaringizda shunchalik darajada o‘zgarib ketgansizki... 

— (kulib). Yuqorida aytganimdek, bu ishlarning hammasi mening ijodimga qiziquvchilardan chiqqan taklif. Ilgari unchalik ham bunaqa narsalarga e’tibor qaratavermasdim. Muxlislar talabi esa meni o‘zgarishga majbur qildi. Yosharib ketibsiz, deganlarning sanog‘i yo‘q. Demak, bildimki, san’atkor har tomonlama muxlislar uchun chiroyli ko‘rinishda, chiroyli liboslarda va chiroyli qo‘shiqlarda paydo bo‘lishi lozim ekan. Qolaversa, hozir dunyoning nechta mamlakatlaridagi muxlislarim internetdagi veb-saytimga maktub yo‘llab, zamonaviy fotojamlanmalarimni so‘rashadi. Dunyo shou-biznesiga javob berish esa san’atkorning burchi.  

— Qo‘shiq aytolmayotganlarga munosabatingiz... Axir siz ham ustoz san’atkorlar qatorida e’tirof etilyapsiz! 

— San’at yo‘li mashaqqatli. To‘g‘ri, buni hozir ko‘pchilik havas bilan almashtirib qo‘yyapti. Ammo vaqt va xalq — hakam. Ularni saralab-saralab, tanlab olishadi. Olishyapti ham. Bundan to‘rt yil yoki ikki yil oldingi san’atkorlar ro‘yxati bilan hozirgisini solishtiring, kimlarni xalq tanlagani-yu, kimlar chiqib ketganini ko‘rasiz. Qo‘shiq mehri yurakda bo‘lib, kelgusida ustozlar yo‘lini davom ettiraman, deb san’atga kirgan va milliy qo‘shiqchiligimizga hissa qo‘sha olganlargina san’at maydonida uzoq qoladi.  

— So‘nggi savolimiz kontsertingiz haqida. Bu galgi chiqishingizda nimalarga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda? 

— Yangi qo‘shiqlarga va sahna liboslari borasida tomoshabinlar ilk marotaba katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lishadi. Undan tashqari, kutilmagan tomosha-yu, muxlislarimizga atalgan sovg‘alarimiz ko‘p. Bu galgi kontsertimizda shogirdlarga ham alohida e’tibor qaratganmiz.  

Nargiza MURODOVA suhbatlashdi.


Jonim

Категория: ШОУ - БИЗНЕС ОЛАМИ | Просмотров: 1855 | Добавил: Ангелочка | Рейтинг: 1.0/1
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: