Главная » 2009 » May » 25 » «2» BAHO OLGANMISIZ?
11:00:12
«2» BAHO OLGANMISIZ?

«2» BAHO OLGANMISIZ?

So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni hamma qadrdon maktabini, mehribon ustozlarini, o‘quvchilik yillaridagi sho‘xliklarini eslaydi. Kimdir o‘z vaqtida dars tayyorlamaganini eslab afsuslansa, kimdir yutuqlaridan sevinadi. San’atkorlarimizda ham shunday holat bo‘lishi tabiiy. Biz ularga ba’zi savollarimiz bilan murojaat qildik. 


1. Maktabda yoqtirgan va yoqtirmagan faningiz. 

2. Biron fandan “2” olganmisiz? 

3. O‘quvchilik hayotida sodir bo‘lgan qiziq voqea. 

4. Sinfdoshlaringiz orasida laqabingiz bo‘lganmi?

HOJIMUROD BEKCHANOV: 

1. Maktabda yoqtirgan fanim matematika edi, tarixni unchalik xushlamasdim. Tarix o‘qituvchimiz ko‘p so‘kardi-da. 

2. O‘qituvchini yoqtirmaganim uchun bo‘lsa kerak, tarixdan “2” olganman. Lekin, aslida, yaxshi va a’lo baholarga o‘qiganman. 

3. Qiziq voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Chunki juda sho‘x edik. 8-9-sinflarda ba’zan birinchi darsga kirmasdim, uyqu ustun kelardi. Darsdan qochib, kunduzgi diskotekaga borgan paytlarim ham bo‘lgan. 

4. Maktabda Hoji deb atashgan, hozir ham hamma shunday chaqiradi. Faqat rasmiy hujjatlarda va matbuotdagina Hojimurod Bekchanovman. 

JAKHONGIR.UZ: 

1. Maktabda yoq-tirmagan fanim geometriya, yoq-tirgan fanim esa adabiyot bo‘lgan. 

2. Geometriyadan uy vazifasini bajara olmaganim uchun “2” olganman. 

3. 2-sinfda o‘qiyotganimda sinfimizdagi bir qizni yoqtirardim. Qish kunlarining birida sinfdoshim bilan qizlarni qorbo‘ron qildik. O‘shanda sinfdoshim men yoqtiradigan qizga ham “Qor ot!” deb aytgani uchun qizga emas, do‘stimga qor otib qochib ketganman. 

4. Laqab qo‘yishmagan. Bunga imkon bermaganman. 

G‘AYRAT USMONOV: 

1. Hamma fanlarni yaxshi ko‘rganman-u, lekin negadir yaxshi baho olmasdim. Shunday bo‘lsa ham, o‘qituvchilarim hamma tanlovlarda faol qatnashganim uchun meni yaxshi ko‘rishardi. Musiqa kollejida o‘qiy boshlaganimdan so‘ng baholarim yaxshilandi. Chunki u yerda fanlar ham musiqa bilan bog‘liq edi-da. 

2. Bunaqa holatlar menda ko‘p bo‘lgan. 

3. O‘quvchilik paytimdan to‘ylarga chiqa boshlaganman. Doira chalardim. To‘ylarda qiziq voqealar ko‘p bo‘lgan. U paytda men uchun to‘yga borishning o‘ziyoq qiziq edi. 

4. O‘quvchilik yillarimda menga artist, deb laqab qo‘yishgan. 

NILUFAR SAIDOVA: 

1. Biologiya, zoologiya kabi tabiiy fanlarni yaxshi ko‘rardim. Ona tili va adabiyotga qiziqishim kuchli edi, ayniqsa, she’r o‘qishni sevardim. Eng yoqtirmagan fanim matematika edi. 

2. “2” olmaganman. Shunday xavf tug‘ilib qolgan taqdirda ham, bir amallab vaziyatdan chiqib ketardim. Hatto matematikadan ham misollarni yechib topshirardim. 

3. Eng qizig‘i, 9-sinfda o‘qiyotganimda Navro‘z bayramida bo‘lgan. O‘shanda maktabda o‘tkazilgan tadbirda mikrofonni hech kimga bermaganman. Raqsga ham o‘zim tushganman, she’rlarni ham o‘zim o‘qiganman. Qo‘shiqlarni ham bir o‘zim aytganman. Ilmiy mudirimiz: “Nega bunaqa qilyapsan? Boshqalar ham tadbirga tayyorlangan-ku!” — deganda, yig‘lab yuborganman. O‘shanda nega bunday qilganimni haligacha tushunmayman. 

4. Meni Nilushka, deb chaqirishardi. 

ULUG‘BEK RAHMATULLAEV: 

1. Tarixni yaxshi ko‘rardim, matematikani uncha xushlamasdim. 

2. Geometriyadan “2” olganman bir marta. 

3. Uch do‘st: Eldor, Shahobiddin va men uch sinfdosh qizni yaxshi ko‘rardik. Bir kuni ularga xat yozishga qaror qildik. Xatlarni egalariga berishni oramizda eng kichigi bo‘lmish Shahobiddinga topshirdik. Ammo xatlarimizning ko‘rinishi bir xil bo‘lganidan do‘stimiz qizlarning sumkasiga hammasini adashtirib solib qo‘yibdi. 

4. Maktabdagi laqabim: diplomat.



Категория: ШОУ - БИЗНЕС ОЛАМИ | Просмотров: 1238 | Добавил: Ангелочка | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: