Главная » 2009 » May » 3 » Iymon qalbingda bo’lsin, libosingda emas!
16:32:56
Iymon qalbingda bo’lsin, libosingda emas!
Ushbu maqolani boshlashdan avval men o’zbek farzandi, shu buyuk millatning kelajagi porloq vakilasi ekanimdan faxrlanishimni alohida ta’kidlamoqchiman. Ha, darhaqiqat, o’zbek xalqi butun dunyo ko’rib havas qilgulik, eng ezgu xislatlar, xususiyatlarni o’zida mijassamlashtirgan, asrlar davomida shakllangan o’z qadriyatlari, milliy an’analariga ega. O’zida odob-u hurmatning eng go’zal va yuqori ko’rinishini aks ettirgan, o’ziga insoniyat tarixi davomida guvohi bo’lgan jami ezguliklarni jo qila olgan millat bu, qancha – qancha to’fonlaru, ofatlarda ham, zamonning qaqshatqich zarbalariyu, taqdirning beayov sinovlarida ham o’zligiga gard yuqtirmagan xalq bu! Bugungi kunda biz faxrlanadigan qadriyatlarimizning shakllanishi, uning yanada mukammal qaror topishida muqaddas dinimiz Islomning o’rni beqiyosdir. Diyorimizga VII asrda birdaniga va shiddat bilan kirib kelgan Islom huddi shunday shitob bilan tarqaldi, Islom madaniyati yoyildi. Zero, Yurtboshimiz Islom Karimov: “O’zbek millatini millat sifatida barcha xususiyatlari bilan ushlab turgan narsa Islom dinidir” deb bejiz ta’kidlamaganlar. Islomiy tabiat, diniy talablar va sof e’tiqod bora – bora milliyligimizga ham singib ketdi. Lekin, e’tibor bering, men singib ketdi deyapman, butunlay egallab olgani yo’q, milliyligimizni surib chiqargani ham, unga tahdid solgani ham yo’q. Bugungi kunda esa ko’cha – ko’yda diniy liboslarga burkanib, goh arabiy, gohida esa turkiy shakl shamoyilni namoyon qilayotgan ayollarga tez – tez ko’zimiz tushmoqda. O’zligimizni ushlashimiz, qadriyatlarimizning qadriga yetishimiz, asrlar osha sayqal topgan muborak urf – odatlarimizni oyoqosti etmasligimiz, o’zimizning qavmimizga – millatimizga qaytishimiz zarur bo’lgan bir paytda, butun dunyo tan olayotgan o’zbekning milliyligini millatimiz ayollari pisand etmayotganliklari esa kishini hafa qiladi, xalos. Diniy bilimlarni chuqur egallagan, hijobning asl ma’nosini tushungan, Allohdan qo’rqib avratini yashirgan ayollar, ilohim, niyatlariga yetsinlar. Lekin, ko’p uchratayotganimiz – jajji – jajji, hali yashash ma’nosini ham to’la tushunib yetmagan, maktabga endi qadam qo’ygan qizchalarchi? Ular bu libosning ma’nosini tushunadilarmi o’zi? E’tiqodlari qay darajada? Bu libosni o’z xohishlari bilan kiydilarmi yoki birovning tazyiqi ostidami? Kiyinishning shu yo’li chiroyli tuyilgani uchun shu kiyimlardamilar yoki gunohlari, ayblarini yashirish uchunmi, yohud kimgadir havas bunga yetakladimikin? Qo’rqmay, bu gaplarni yozishim, bu tahlid fikrlab, fikrimni boshqalarga bayon qilishga hayiqmayotganimning sababi bor, albatta. Maktablarda ta’lim olayotgan o’quvchi qizlar orasida qolganlardan ajralib, hijobiy liboslarda o’qishga kelayotgan singilchalarim bilan suhbatlashib ko’rdim. Ularning aksari iymonning shartlari, chin islomiy hayot ma’nosini anglab yetmaganlar. Shu o’rinda savol tug’iladi. Xo’sh, e’tiqod, iymon nima? Islomiy hayotning asl ma’nosi nimada? Bu o’quvchi qizlar ro’mol o’rashdan avval nimalarni bilishlari kerak edi? Islom – haqqoniyat va insoniylik dinidir. U poklik, hushxulqlik, hayo, insof, mehr – oqibat va vatanparvarlik kabi insoniy fazilatlarga chaqiradi. Bu din toza vijdonli, oqko’ngil, sahovatli, iffatli, sabr – qanoatli, ilmga chanqoq, o’zgalarga foydasi tegadigan, Vataniga xizmat qiladigan haqiqiy insonni tarbiyalaydi, bunda esa ikki vositani qo’llaydi: ilmga asoslangan e’tiqod va ibodat. Ilm bekorga avval tilga olinmayapti. Islomiy tarbiyani qabul qila olish, o’zidagi hasad, ko’ra olmaslik, dangasalik, qahri qattiqlik kabi salbiy jihatlarni yo’qotish uchun kuch topa olish, Vataniga kerakli inson bo’lmog’i kerakligini anglash va bunga intilish, intila olish uchun inson eng avval ilmli bo’lishi, ilm olishi darkor. Zero, muqaddas kitobimiz Qur’onda ham, hadisi shariflarda ham ilmning hamma narsadan ustun ekanligi qayta – qayta ta’kidlangan. Qur’on nozil qilinishi “O’qi” oyatidan boshlangani esa bunga yaqqol isbotdir. Hadisda aytilishicha, bir soatlik ilmning savobi ikki yuz rakat nafl namozidan afzal. Hijobga kirish, ro’mol o’rash “Men poklikka kirdim, Allohga yaqinlashish yo’lidaman” degani. Singiljonlarim, endi o’zingizga savol beringchi, siz hozir ro’molga loyiqmisiz, asl islomiy hayotni boshlamay turib, “poklanish yo’lidaman” deyishga haqqingiz bormi? Qalb tozalanmasdan burun Allohga yaqinlashish mumkinmikin? Oynaga qarang, ro’molni o’rashdan avval eslab ko’ring, hech bir dugonangizni yomon ko’rmayapsizmi? Agar birovga nafrat ko’zi bilan qarayotgan bo’lsangiz, shoshmang, siz hali hijobga tayyor emassiz! Yana eslang, nazaringizda bir do’stingizning saviyasi sizdan pastroq, beshlari esa siznikidan ko’p-u, bunga sizning jahlingiz chiqib, tun – kun shu haqda o’ylayapsizmi, dugonangizni maqtashsa, boshqacha tirishib qo’yasizmi? Demak, hali erta “poklanyapman” deyishga… Dars qilishingiz kerak bo’lgan vaqtda bekorchi ishlar bilan bandmisiz, kitob o’qish o’rniga serialdan ko’zingizni uzmayapsizmi, darsni tinglash o’rniga dugonangiz bilan chaqchaqlashib, ustozning kiygan kiyimi, soch turmagi-yu, pardozining o’xshamagani haqida berilib suhbatlashyapsizmi? Unda shoshilmang, hali haqqingiz yo’q bu kiyimni kiyishga! Eslashda davom etavering, onangiz ko’zini shamg’alat qilib betingizga upa – elik surtyapsizmi, hali erta bo’lishiga qaramay pardozni havas qilyapsizmi? To’xtang! O’ylab ko’ring, bu kiyimga loyiqmikinsiz? Hali tuzatishingiz kerak bo’lgan xatolar, bartaraf etilishi lozim bo’lgan kamchiliklaringiz bo’la turib, ro’mol o’rab olish, hijob kiyib “Mening e’tiqodim senikidan kuchli, mening diniy bilimim baland” deb hammaga namoyish qilish xudbinlik emasmi, riyo emasmikin bu? Singiljonlarim, yaxshilab fikr qiling, so’zlarimdan xulosa chiqaring. Islomda riyo oqlanmaydi. E’tiqodni mustahkamlab boring, qalbingizni tozalashga, o’zingizni nurlantirishga astoydil bel bog’lang. Kamchiliklaringizni birin – ketin yo’qoting. Mana shunda chin muslima bo’lasiz, mana shundagina Allohga yaqinlashasiz, poklanish yo’liga kirasiz. Bu yo’lda ekanligingizni qalbingiz tasdiqlasin, buni namoyish etishni istab riyoga qadam bosib qo’ymang.
Просмотров: 1766 | Добавил: Ангелочка | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: