Главная » 2009 » May » 3 » Ishbilarmon ziyrak ayol kishi imidji
11:22:58
Ishbilarmon ziyrak ayol kishi imidji
Ko’pincha iste’dodli va mehnatsevar, katta imkoniyatga ega odamlar kerakli, zaruriy imidjlari yo’qligi bois “o’smaydi”lar. Bunday omadsizlik asosan o’z imkoniyati, kuch-qudratiga yetarli baho bera olmaslikdan, o’ziga ishonmaslikdan kelib chiqadi. O’z shaxsiy imidjini yaratishda eng muhim narsa shuki, o’z imkoniyatini yaxshibilish, unga kerakli baho bera olish, muayyan vaziyatlarda o’zini tuta olishdir. Ayollarning atrofdagilarda yaxshi taassurot qoldirishlari uchun ularning ko’rinishidagi to’rt jihat ahamiyatli hisoblanadi: - xushbichim libos; - jozibador soch turmagi; - yarashiqli pardoz-andoz; - nozik did bilan tanlangan aksessuarlar. Agar sizni jiddiy qabul qilishlarini xohlasangiz, yirik osilib turadigan zirak taqmang, yirik bilaguzuklar va uzun hurpaytirilgan sochlar bilan yurmang. Biroz qimmatroq bo’lsada, sifatli liboslarni kiying. Yubka ancha erkin turishi kerak, o’tirib-turganingizda o’zingizga qulay bo’lsin. Ishxonada biroz atir sepib yurishingiz mumkin. Eng muhimi, sizdan ozodalik va tozalikning ajib hidi ufurib tursin. Siz o’zingizga yarashgan rangni tanlashingiz mumkin. Ammo klassik uslubdagi kostyum va o’ta bashang bo’lmagan liboslar sizga ko’proq yarashadi.
    Kostyum
Ayollarning ko’rimli va jiddiy ko’rinishi uchun kostyum zarur. Rangi esa yuksak did bilan tanlangan to’q ko’k, to’q qizil, to’q jigarrang, och sariq yoki qora rangdagi kostyum bo’lgani ma’qulroq. Bunday ranglardagi kostyumlar sizga ko’rk bag’ishlaydi va bu ranglar an’anaviy ranglar hisoblanadi. Koftangiz esa odatda oq rangda bo’lgani ma’qul va uni kostyum rangiga qanchalik mos tushishini hamisha hisobga oling. Koftangizning yengi uzun bo’lsin, hech bo’lmaganda yengi bilagingizning yuqori qismini yopib turadigan bo’lsin. Ishxonaga hech qachon yengsiz kofta kiymang, agar kiysangiz kostyumingizni yechib qo’ymang. Yoz va bahorda ochiq rangli kostyumlar kiysangiz bo’ladi. Masalan, och kulrang, kulrang, malla. Har qanday ayol bu rangdagi kostymlarni kiyishi mumkin. Yubkaning uzunligini tanlayotganingizda esa ishxonangizdagi umumiy didni hisobga olishingiz lozim. Yubkaning tizzadan kalta bo’lmagani va tovongacha tushib turmagani yaxshiroq.
    Kamar
Kamar kostyumga mos tushishi kerak. Kamarning qomatingizga yarashadigan o’rtacha bir rangini tanlang. Kamaringizning rangi tuflingiz rangi bilan mos kelishi kerak, boshqa kiyimlaringizning rangini ham unutib qo’ymang. Agar tuflingiz to’q rangda bo’lsa, masalan, malla bo’lsa, sarg’ishroq yubka kiying va kamar taqing. Ba’zan kamaringizning rangi yubka rangining aynan o’zi bo’lishi mumkin. Yubka kamarsiz xuddi tugallanmay qolgan san’at asariga o’xshab qolishi mumkin.
  • Qiyiq ro’mol
Qiyiq ro’mol oddiy ko’ylak va nimcha bilan yarashib turadi. Ular har qanday kiyimning ko’rinishini o’zgartirib yuboradi. Hech bir narsa ro’molchalik palto yoki kostyumga chiroyli ko’rinish bag’ishlay olmaydi.
  • Gazmol
Gazmol tanlashda uni ikki qo’lingiz bilan siqib ko’ring. Agar u g’ijim bo’lib qolsa, bunday kostyumni sotib olish kerakmi yoki yo’qligi haqida qayta o’ylab ko’ring. Kostyumni ertalab kiyib chiqayotganingizda bir haftadan beri kiyib yurgandek ko’rinmasligi kerak.
  • Kofta
Koftangizning rangi qiyofangizga yarashib tushishi lozim. Shuningdek, kostyumingizning rangi bilan bir xil bo’lsa, ayni muddao. Hech bo’lmaganda kostyum va koftaning rangi bir-biriga mos bo’lishi kerak. Agar siz ochiq rangli oq kostyum kiysangiz, to’q rangli yoki yorqin rangli kofta tanlang. Hamisha sifatli, kiyinishingizga va rangizga mos kofta tanlang.
  • Tufli
Tufli tanlayotganingizda urf bo’lganidan ko’ra ko’proq o’zingizga qulay bo’lganini tanlang. U qishda sovuq va qorga chidamli bo’lsin, kuzda esa yomg’irda ivib ketmasin. Hamisha ishxonaning ichida kiyib yuradigan alohida oyoq kiyimi bo’lishikerak. Shuningdek, moda sohasidagilarning bir necha maslahatlariga quloq tuting. Jumladan, -tuflidagi rang-barang detallar ishxonaga emas, ko’proq o’yin-kulgu qiladigan joylarga yarashadi; -yoyiq tovonli va juda yopiq tipdagi tuflilar shim bilan yarashib tushadi. Yubka va ko’ylakka esa unchalik ham mos tushmaydi; - tuflidagi mavjud ortiqcha bezakdorlikni kamaytirganingiz ma’qul; tuflingizning tovoni 5-6 sm dan oshmagani ma’qul. Sintetik tufli emas, balki sof teridan qilingan tuflini tanlaganingiz yaxshi. Qishda tuflining rangi to’q ko’k, qora, jigarrang yoki sof teri rangida bo’lgani yaxshi. Yozda esa kiyimlaringizning rangiga mos kelsin, odatda och kulrang va to’q qizil rangda bo’ladi.
  • Sumka, papka, portfellar
Hamisha sof teridan tayyorlangan aksessuar ashyolarini tanlang. O’ta urf bo’lganini emas, balki klassik uslubdagi narsalarni oling. Xuddi oyoq kiyimi kabi to’q ko’k, qora, jigarrang vas of teri rangida bo’lgani yaxshi. Ish yuzasidan bo’ladigan anjumanlarga bir vaqtning o’zida ham sumka, ham portfel ko’tarib borishingiz mumkin
Rasm joylangan maskan Rasm.SB.Uz
  • Qo’lqop
Ayollar bazmlarga uzun qo’lqop kiyib, braslet taqishi mumkin, ammo aslo qo’lqopning ustidan uzuk taqib bo’lmaydi.
  • Ko’zoynak
Agar siz ko’zoynak olsangiz, u sizning yuzingizga va imidjingizga qanchalik mos tushishini hisobga oling. Yaxshisi, ikki xil ko’zoynak tanlang, birini ishxonada, birini ishdan tashqari uchrashuvlarda taqasiz. Ko’zoynakning rangi ochroq bo’lganini ishxonaga taqing. Chunki ish munosabatlari yuzasidan bo’ladigan suhbatlarda ko’zoynak ko’zingizni yashirmasligi, aksincha ko’zingiz yaxshi ko’rinib turishi lozim.
  • Zargarlik buyumlari
Sizning taqinchoqlaringiz qimmatbaho bo’lishi shart emas, muhimi kiygan kiyimingizga ko’proq chiroy bag’ishlashi lozim. Masalan, hamisha kostyumingizning rangi va uslubiga mos tushsin. Agar kostyumingizning tugmalari sadaf tugma bo’lsa, marvarid ko’zli zirak taqing. Agar qora rangli kostyumingizda tilla rangli tugma bo’lsa, qora toshdan ko’z qilingan tilla zirak taqing. Shuningddek, zirak yuz qiyofangizga mos tushsin. Agar bo’yningiz ingichka bo’lsa, yumaloq zirak tanlang. Agar to’lacha bo’yin bo’lsangiz, biroz uzunroq zirak tanlang. Ziragingiz bazmlarga borayotgandek bo’lmasin, aksincha u oddiy va zamonaviy ko’rinishda bo’lsin. Bo’yni ingichka va o’rtacha ayollar enli marjonni yoqasiz nimcha bilan taqsa chiroyli ko’rinadi. Agar bo’yni kalta bo’lsa, ular uzun tilla zanjir yoki marvarid taqishlari mumkin. Semiz bo’yinlilar uzun zanjir taqishi kerak. Ozg’in bo’yinga kalta, juda enli bo’lmagan zanjir yarashadi. Soatni esa kostyumingizningrangiga mos va klassik uslubdagisini tanlang. Qora yoki tilla rangli soatlar barcha kiyimlaringizga mos tushishi mumkin. Ba’zi ayollar quloqlariga qo’sh zirak taqib olishni xush ko’radilar. Bu o’zingizni ko’z-ko’z qilishni istayotganingizni ko’rsatadi va bu haddan tashqari o’zingizga oro berganingizdan dalolatdir. Siz shunday yo’l tutingki, har bir kiygan kiyimingiz va taqinchoqlaringiz bir-birini to’ldirsin va bularning bari tabiiy bir joziba bag’ishlasin.
Категория: КИЗИКАРЛИ МАЪЛУМОТЛАР | Просмотров: 3463 | Добавил: Admin | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: