Mo'minning tanasi "Teshik qopqoq" qabristoniga qo'yildi. Har birimizning borar yerimiz bir. Bu foniy dunyoni bir kun kelib barchamiz tark etamiz. Har bir insonning taqdiri va o'limi belgilangan, uni hech kim o'zgartira olmaydi. Ming afsuslarki, Mo'min Oripov bizni juda erta tark etdi. Undan bu dunyoda bir necha filmdagi rollari, bir necha o'nlab qo'shiqlari va Bilol ismli o'g'li qoldi. Shu kunlarda Mo'min Oripov hamda Javlon Shodmonov (guruh administratori) rejissorligi ostida ishchi nomi "Xirs" bo'lgan badiiy film suratga olinayotgan edi. Afsuski mazkur kartina tugallanmay qoldi. Oybek va Nigora dueti a'zosi Nigora Ismoilova mazkur filmda Mo'min bilan birgalikda bosh qahramon obrazini talqin etishayotgan edi. Suratga olish ishlari deyarli yakunlangan bo'lsada, hali ba'zi suratga olish ishlari yakuniga yetmay qoldi. Endigina ushbu film uchun maxsus saundtrek ijro etilish uchun Mo'min hamda Nigora tayyorgarlik ko'rishayotan edi. Ma'lumotlarga qaraganda film ssenariysi bo'yicha kartina yakunida Mo'min ijro etayotgan qahramonning o'lim sahnasi ham bor ekan.